Allamjonov aybdor
Шрифт:
Agentlik xodimlari maoshini bir necha barobar oshirdik. Arzimagan pul to‘lab, odamlardan vijdonan ishlashni talab qilib bo‘lmaydi. Oyliklar qay darajada o‘zgarganini tasavvur qilishingiz uchun misol keltiraman: bir yarim million oladiganlarning maoshi o‘n sakkiz millionga chiqdi. Sohani yaxshi biladigan mutaxassis o‘z qadrini ham biladi, halol ishlaydigan bo‘lsa, o‘sha arzimas pulga ko‘nmaydi.
«Botir Parpiуevning jiyani» bo‘lmaganimda, bu ishlarni eplay olmasdim, albatta. Men shafqatsiz soliq idorasi maktabida juda samarali saboq olganman.
1 O‘zMAA – O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi. Matbuot va axborot sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishni ta’minlovchi davlat organi.
2 Tanzila Kamolovna Norboyeva – O‘zbek davlat va jamoat arbobi, 2016-2019-yillari O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasiga rahbarlik qilgan.
3 Ochilboy Jumaniyozovich Ramatov – davlat arbobi, 2016-yil 15-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.
4 Laziz Tangriyev – 2017-yil iyuldan 2018-yil noyabrgacha O‘zMAA rahbari bo‘lgan.
5 Dilnoza Ziyamuhammedova – 2020-yil iyundan O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbarining OAV masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, OAV, televideniye va matbuotni rivojlantirish sektori mudiri.
6 Mahmudjon Zaytayev – «O‘zbekiston» nashriyot-poligrafiya ijodiy uyi direktorining birinchi o‘rinbosari.
II
Parpiyevning jiyani
2001-yil
San’at institutining birinchi kursida o‘qiyotganimda qarindoshimiz Baxtiyor aka hozirgi MTRKning1 o‘t o‘chirish xizmatida ishlaydigan og‘aynisi Abdusattor aka bilan kelishib, meni televideniуega amaliyotga joylab qo‘ydi. Ota-onam «Darsdan keyin laqillab yurmasin, ishlasin, pul topmasayam, tajriba orttirsin», – derdi. O‘zim ham telerejissorlik kasbiga qiziqib, haqiqiy televideniуechi bo‘lishga tayyor edim.
MTRKga kirish oson emas, bu nihoyatda yopiq tashkilot. Biror lavozimni egallash u yoqda tursin, eng oddiy ishga joylashish uchun ham tanish-bilish kerak edi. Abdusattor akaga rahmat, oddiy bir talabani praktikaga olishga «Davr»2 dasturi tahririyatini ko‘ndirdi.
Ishga ketayotganimda onam qattiq tayinladilar:
– Komiljon, jon bolam, hech kim bilan urishib-talashib yurma, iltimos, birovga gap qaytarma, «xo‘p-xo‘p» degin, nima ish buyurishsa, darrov aytganlarini qilgin, hammaga foydang tegsin, hammaga yordam bergin, o‘g‘lim…
Xuddi shunday qildim. «Rejissor yordamchisi assistentining yordamchisi» degan sharafli lavozimda hammaga foydali bo‘lay, dedim.
– Hoy, bola, somsaga chiqib ke!
– Xo‘p.
– O‘v, kassetalarni olib chiq.
– Xo‘p.
– Taym-kodini yozib ber.
– Xo‘p bo‘ladi…
Sekin-sekin ish o‘rgandim, bilim, tajriba orttirdim.
O‘sha paytda «Davr»ga Furqat Zokirov rahbarlik qilardi. Men uning uchun keraksiz bir matohdek edim. Shuncha ishlab, menga na bir og‘iz yaxshi gapirgani, na maqtaganini eslayman. Faqat tanbehini, «Ishdan haydayman!» degan po‘pisasini eshitganman. U meni qanchalik yoqtirmasa, men ham o‘sha paytda uni shunchalik yomon ko‘rardim. Hammaning oldida meni haqorat qilishi yoki arzimagan xatoyim uchun studiyadan haydab solishi mumkin edi. Hech qachon salomimga alik olmasdi, xuddi bu bilan biror joyi kamayib qoladigandek. Eslasam, haliyam tushunmayman, nahotki bir og‘iz so‘rashish shunchalik malol kelgan bo‘lsa?!
«Davr tongi»ga Sevara Nazarxon sevishganlar kunida konsert bergani haqida kichkina lavha tayyorlab, rosmana baloga qoldim.
– Qanaqa sevishganlar? – chinqirdi u. – Jinnimisan? Sevishganlaring nimasi?! Menga nimani tiqishtiryapsan?
Baqir-chaqiri butun MTRKga eshitildi. Shundan keyin iloji boricha uning ko‘ziga ko‘rinmaslikka harakat qildim. Hech kim tahririyatning qoidalari, siyosatini, umuman, televideniуening yozilmagan qonunlarini o‘rgatmasdi. Lekin ishni xuddi tajribali odamdan so‘ragandek talab qilishardi. Alam qiladigani shu edi. Ishimni qoyil qilib bajarishga harakat qilganim sari so‘kish eshitardim. Men o‘zimga boshqacha bir munosabat talab qilmayman. Lekin do‘q-po‘pisa, haqoratni umuman ko‘tara olmayman. Gap eshitmaslik uchun hamma ishni astoydil, o‘z vaqtida bajaraman.
Hozirgacha nima ish qilsam, xuddi tepamda Furqat Zokirov aftini burishtirib, «Tahririyatdan haydayman!» deb o‘dag‘aylayotgandek tuyulaveradi. Hamma loyihalarim pishiq-puxta chiqishi shundan bo‘lsa kerak.
Furqat Zokirov meni haydab yuborgan «Davr» studiyasining montaj ko‘rikxonasi hamda «Davr tongi» dasturi ijodiy guruhi.
Lavhalarni hammadan yashirincha, eng asosiysi, direktorga ko‘rsatmasdan tayyorlashga to‘g‘ri kelardi. Kamerani yalinib olib, kechalari montaj qilardim. Shundayam televideniуeda bemalol ko‘rsatsa bo‘ladigan yaxshi material chiqardi. Masalan, «Qutqaruv-050» xizmatiga bag‘ishlangan qisqagina lavhamdan hatto Furqat Zokirov ham kamchilik topolmay, efirga qo‘ygan.
Keyin FVV3 haqida ko‘rsatuv tayyorladim. Binoyidek material bo‘ldi, shunchalik o‘zimga yoqqanidan FVV ofisiga borib, o‘zlariga ko‘rsatishga qaror qildim.
Peshona deb shuni aytsalar kerak: men «qaydasan FVV» deb yo‘lga chiqqanimda matbuot xizmati boshlig‘i kapitan Begmatov yangi tayinlangan vazir Botir Parpiуevning qabulida o‘tirib, dakki eshitayotgan bo‘lgan. Axborot xizmati ishlamayapti, vazifasini bajarmaydi, yangiliklar e’lon qilmaydi, televizorda ko‘rinmaydi… Kapitan Begmatov peshonasidan duv-duv oqayotgan terni ro‘molchasi bilan artgancha, boshi qotib o‘tiravergan. Vazir haq edi.
Qabulxonadan chiqqan Begmatovga FVV binosida axborot xizmatini qidirib yurgan yosh yigitcha, ya’ni men ro‘para kelib qoldim. Kapitan rosa xursand bo‘lib ketdi.
– Menga xuddi shu kerak edi! – dedi u, tayyorlagan ko‘rsatuvimni ko‘rib. Keyin ust-boshimga g‘alatiroq qaradi-da (kalta ishton – shortikda edim): «Ertaga tuzukroq kiyinib kel. Shim, ko‘ylak… Ministrning oldiga kiramiz», – dedi.
Ertalab FVV eshigiga yetib kelganimda ish kuni boshlanishiga hali o‘n besh daqiqa bor edi. Vazirning xonasiga kirdim. Forma kiygan Botir Rahmatovich kattakon stol ortida nimadir o‘qib o‘tirardi. O‘ziyam qoyadek salobatli. Menga bir qarab qo‘ydi.
– Assalomu alaykum… – ikkilanib, sekingina stol tomon yurdim. Shu payt kutilmagan voqea bo‘ldi. Men Furqat akaning salomimga alik olmasligiga o‘rganib qolgan ekanman. Vazir o‘rnidan turdi. Stolni aylanib o‘tib, menga qo‘lini uzatdi.
– Vaalaykum. Yaxshimisiz? – u shunday deb, o‘tirishga ishora qildi.
Nimaga kelganim ham esimdan chiqib ketdi. O‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Kimsan vazir men – oddiy bir talaba bilan so‘rashish uchun o‘rnidan turdi-ya! Bu odamni o‘sha kundan hurmat qila boshladim. Haligacha ko‘nglimda ana shu minnatdorlik hissi bor.