Чтение онлайн

ЖАНРЫ

Шрифт:

Ko‘pincha qutqaruvchilarni avariya bo‘lgan joylarga, mashina ichida qolib ketgan odamlarni chiqarib olish uchun chaqirtirishar edi. Biz bu vaziyatlarni efirda ko‘rsata boshladik. Orada DAN xodimlarining kamchiliklarini ham gapirib o‘tadigan bo‘ldik. U paytda FVVga vazir qilib Baxtiyor Subanov tayinlangan edi. Oldin Ichki Ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida DAN sohasini nazorat qilgan Subanov xuddi sobiq hamkasblaridan o‘ch olayotgandek bo‘lib qoldi.

Vazir Matbuot xizmati boshlig‘i lavozimiga o‘zining odamini qo‘ydi. Yangi rahbarim menga efirda o‘lim holatlarini ko‘rsatishni va IIVni tanqid qilishni taqiqladi.

Men esa «xo‘p» deb, baribir o‘z bilganimdan qolmadim. Nimani lozim topsam, efirga beraverdim. Bu IIV vaziri Almatovga tegib ketibdi. «Sening ko‘rsatuvlaringni deb, IIVning boshida kaltak sindi, Prezident apparatidan gap eshitishdi», – deyishardi menga. Toshkent shahar IIBga Allamjonovning ovozini o‘chirish buyurildi. «IIBdagilar cho‘ntagingga nasha tashlab qo‘yib, qamatmoqchi», – degan gap qulog‘imga yetib keldi. Odatda yaxshilikcha ko‘nmaydiganlarni shunday jazolashardi.

Bir kuni ertalab ishga kelsam, atrof to‘la militsiya, Allamjonovni qidirishyapti. Yana janjalning uyasiga tushib qoldim. O‘shanda meni polkovnik Ikromov himoya qilib, qutqarib qoldi, shu bolaning hayoti barbod bo‘lmasin, dedi. Shundan keyin bir oy uydan chiqmay qo‘rqib o‘tirdim. DAN xodimlari har kuni haydovchimni to‘xtatib, mayda-chuyda ayb topib, boshini qotirishardi.

FVVda olgan birinchi maoshimni hamkasb akaxonlarim bilan «yuvib» yo‘q qilganmiz. Uyga oborib, oyimga ko‘rsataman deb shuncha kutgan pulimni hamtovoqlarimga ichirib yuborganman. «Sharq»ning10 pastidagi kafeda joy aytib qo‘yishgan ekan, birinchi oyligim ziyofatga ketgan. Uyga arzimagan uch-to‘rt so‘mni ko‘tarib kelganman.

Ikkinchi oyligim ham xuddi shunaqa qilib havoga sovurildi. Yoshi katta, azamat ikki harbiyga nima ham deya olardim?

Keyingi gal ayyorlik qildim. Pulimni eng oxirida, hammadan keyin berasiz, deb kassir opa bilan kelishib qo‘ydim. Oyligimni oldim-u g‘aroyib boshliqlarim, og‘aynilarim meni tutib olmasidan uyga qarab qochdim.

2005-2006-yillar

Parpiyev Davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimini egallaganida uning birinchi o‘rinbosari Erkin Fayziyevich Gadoyev edi. Islom Abdug‘aniyevich «bo‘lib tashla va hukmronlik qil» degan siyosatni olib borar, vazir o‘rinbosarlari rahbariga nisbatan doim kishi bilmas oppozitsiyada bo‘lardi. Karimov shu yo‘l bilan o‘ziga kerakli ma’lumotni yig‘gan bo‘lishi mumkin, lekin bu narsa jamoaviy ishni o‘ldirar, faqat ichki fitnalarni keltirib chiqarardi. Tizim iyerarxiyasi bo‘yicha har bir xodim kimningdir odami edi: Parpiyevning odami, Gadoyevning odami, Azimovning odami… Bunaqa sharoitda ishni boshqarish uchun rahbar o‘z taktikasiga ega bo‘lishi kerak. Parpiyev soliq qo‘mitasiga o‘tganida hammaga ishdan bo‘shash haqida ariza yozishni taklif qildi. Yangi jamoa tuzishini aytdi. Hamma ariza yozdi. Keyin Botir Rahmatovich xotirjam o‘tirib, bo‘layotgan qo‘ng‘iroqlarni, kim kim uchun iltimos qilib chiqqanini yozib oldi va kuchlar taqsimotining to‘liq jadvaliga ega bo‘ldi. Qoyilmisiz?

Parpiyev bergan hamma topshiriqlarni uning o‘rinbosari o‘sha zahoti yo‘qqa chiqarishi meni doim hayron qoldirardi. Men – «Parpiyevning odami» bu paytda DSQ matbuot xizmatida ishlardim.

– Nimaga oldimga kiraverasan? Nima keragi bor shuni? – biror taklif, qandaydir zarur ish bilan xonasiga kirsam, Gadoyev har safar norozi bo‘lib kutib olardi. Yordam berishni xayoliga keltirmasdi.

Mustaqillikning o‘n olti yilligiga bag‘ishlab maxsus albom chiqaradigan bo‘ldik. Soliq sohasida erishilgan hamma yutuqlarni, yangilik va o‘zgarishlarni ko‘rsatmoqchi edik. Ishchi guruh tuzildi. Bosh javobgar menman, lekin hech qanday vakolatim yo‘q. Ya’ni, yugur-yugur qilasan, axborot to‘playsan, odamlardan statistika ma’lumotlarini yig‘ishga harakat qilasan, ammo hamma senga eshikni ko‘rsatib yuboradi, birov gapingga quloq solmaydi, mabodo ma’lumot berishsa ham, bir tiyinga qimmat bo‘ladi.

Parpiyevning oldiga kirdim. Kitob deyarli tayyor, ba’zi ma’lumotlar yetishmayotgan edi, xolos.

– Kitobni tezroq chiqaringlar! Yaqin kunlarda Prezidentga ko‘rsataman, – dedi u. Keyin Gadoyevga qo‘ng‘iroq qilib, menga yordam berishni topshirdi. Telefonda o‘rinbosarning «Xo‘p!» degani eshitildi.

DSQning navbatdagi kollegiya yig‘ilishida.

Gadoyevning oldiga kirdim.

– Qayerdan olding bu gapni? To‘rt kunda kitob tayyor bo‘larmish! Kim to‘rt kunda kitob chiqararkan?!

– Erkin Fayziyevich, kitob deyarli tayyor, menga faqat…

Menga nima kerakligini Gadoyev eshitib ham o‘tirmadi, har doimgiday javrab-javrab nasihatini boshladi. Xullas, ma’lumot ololmadim.

Ikki o‘t orasida qoldim. Rahbarlar-ku keyin bir-biri bilan kelishib ham ketar, o‘rtada aybsiz aybdor men bo‘laman.

Ochig‘i, qo‘rqib ketdim. O‘zimni ikki kattakon kitning o‘rtasida majaqlanib, ovozi chiqmaydigan mayda baliqchadek his qildim. Parpiyevning bir xislati bor edi, hech qachon hech nimani esidan chiqarmasdi. Aytgan ishi qilinyaptimi, yo‘qmi – har soatda tekshirib turardi. Har so‘raganida «Ishlayapmiz», deyman, lekin aslida hech narsa qilinmayotgan edi.

Yana qabuliga kirishga majbur bo‘ldim.

– Botir Rahmatovich, kitobni vaqtida topshira olmayman. Erkin Fayziyevich urishib, kabinetidan haydab soldi. Bekorchi ish bilan shug‘ullanma, dedi. Nima qilay?

Generalning yomon jahli chiqqani ko‘rinib turardi. Lekin menga indamadi, gapni cho‘zmadi, «Boraver» – deb qo‘ydi.

Dushanba kuni majlis. O‘zi shundoq ham har dushanba bo‘ladigan majlislarni ko‘rgani ko‘zim yo‘q, bu safargisi ayniqsa ortiqchalik qilayotgan edi. Kamiga o‘sha kuni kechasi deyarli uxlamaganman, zo‘rg‘a ko‘zimni ochib, ishga uchib yetib keldim, apil-tapil formamni kiydim. Majlis aniq belgilangan vaqtda boshlanadi, kechikish mumkin emas.

Lanj bo‘lib o‘tiribman, ko‘zlar kirtaygan, qovoqlarim shishib ketgan. Qo‘mita raisining gaplari qulog‘imga bir kirib, bir kirmaydi. Qarasam, har gapida o‘rinbosariga murojaat qilyapti. U-bu taklif berib, keyin Gadoyevning fikrini so‘raydi. Gadoyev odob bilan, chiroyli qilib g‘oyani puchga chiqaradi.

Shu payt kutilmaganda Parpiyev stolga bir musht tushirdi. Choynak-piyolalar uchib ketdi, hammaning ko‘zi moshday ochildi.

– Erkin Fayziyevich, siz meni ahmoq deb o‘ylayapsizmi? Nima topshirsam, «yo‘q» deysiz! Takliflarimni yo‘qqa chiqaryapsiz, barcha islohotlarimga to‘sqinlik qilyapsiz!

Rais jahl bilan o‘rnidan turgan edi, stuli bir chekkaga uchib ketdi. Qo‘lidagi qalam chirsillab sindi, uniyam uloqtirib yubordi. Hammaning o‘takasi yorilib, zal jimjit bo‘lib qoldi.

– Mana, Allamjonovni olaylik! – vazir zalga qarab, meni topdi. O‘tirgan joyimga yopishib qoldim, birdan hojatga borgim kepqoldi. – Men unga kitob chiqarishni topshirgandim, siz esa haydab solibsiz. Nega bu kitob kerakmas, dedingiz?

– Men unaqa demadim, unaqa deganim yo‘q… – o‘zini oqlamoqchi bo‘ldi Gadoyev. Uning qattiq qo‘rqib ketgani bilinib turardi.

Parpiyev ko‘zoynagini yechib, stolning ustiga otib yubordi-da, zaldan chiqishda eshikni shunaqa qarsillatib yopdiki, devorda yoriq paydo bo‘ldi.

Men esa stulga yopishgancha ichkarida qolib ketdim. Gadoyev hammaga bir-bir ko‘z tashlab, sekingina: «Majlis tugadi», – dedi. Yig‘ilganlar jimgina tarqala boshladi.

Keyin u mening yonimga keldi.

– Bir daqiqaga mumkinmi? Kabineting qayerda edi?

Ikkovimiz xonamga kirdik. U savollari bilan meni burchakka tiradi:

– Senga nima yomonligim tegdi? Nega ustimdan shikoyat qilding?

Поделиться с друзьями: