Allamjonov aybdor
Шрифт:
Men jonimni qutqarish uchun, joyida og‘zimga kelgan bahonani to‘qidim:
– Erkin Fayziyevich, Botir Rahmatovich so‘raganiga aytdim-da… Sizni «Kitob to‘rt kunda o‘xshamasa-chi», – deb kuyib-pishyaptilar, dedim… Falon gapiga piston deb javob berdim… Meni boshqacha tushunibdi…
Tabiiyki, Gadoyev aytganlarimga ishonmadi.
Uni qanchalik yomon ahvolga solganim bir necha daqiqadan keyin ma’lum bo‘ldi. «Hamma o‘z joyida o‘tirsin, hech kim hech qayoqqa chiqmasin» degan buyruq keldi. O‘sha kuni yarim kechagacha hamma xonasidan chiqmay o‘tirdi. Rais esa qayoqqadir ketdi. Keyin bilsam, hech qayerga xabar chiqib ketmasligi uchun ko‘rilgan chora ekan bu. Gadoyev o‘zining odamlarini, tanklari va artilleriyasini tortib kelishga ulgurmasin deb shunday qilinibdi.
Ertasiga majlisga Bosh vazir Shavkat Miromonovich Mirziyoyev11 keldi. Gadoyev lavozimidan olindi. Lekin u ham shuncha yildan beri bekorga birinchi o‘rinbosar bo‘lmagan ekan, baribir tanklarini ishga solibdi. O‘rinbosar bo‘lib qoldi, faqat Akademiyaning12 rektori sifatida. Qo‘mitadan ketib, ichki ishlarga aralashmaydigan bo‘ldi.
Uning o‘rniga hozirgi Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Anvarovich Musayev keldi. Siyosatimizning liberal qanoti. U bilan ishlash ancha oson edi.
Keyin DSQ va umuman davlat xizmatidan ketish navbati menga yetdi. Men bu qarorga kalta o‘ylab yoki to‘satdan kelmadim. Boshqa ilojim qolmagandi.
Botir Rahmatovich rahbarlik qilgan hamma idoralarda haftalik majlislarning kun tartibini o‘zi tuzardi. Bu odatdagidek kimdir zerikarli hisobot beradigan, hamma «qachon tugarkin shu», – deb tezroq uyga ketgisi keladigan majlislar emasdi. Har safar katta sinovdan o‘tgandek bo‘lardik. Rais yordamchilari bo‘limlar uchun alohida savollar tayyorlab qo‘yishardi. Bu bo‘lim rahbarlarini boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yadigan savollar edi. Parpiyevga majlisda ko‘tariladigan masalalar bo‘yicha oldindan ma’lumot to‘plab berilar, minbarga chiqqan xodim ko‘pincha qaltis ahvolga tushar edi. Bo‘lim boshliqlari kaltak tagida qolmaslik uchun zo‘r yo‘lni o‘ylab topishdi. Dilshod To‘raxonovdan «Bizning xizmatni kun tartibiga qo‘ymang», – deb iltimos qiladigan bo‘lishdi. Bilmadim, balki quruq iltimos bilan ish bitmagandir. Xullas, ko‘pincha hamma qolib, minbarga bitta men chiqadigan bo‘ldim. General meni ayab o‘tirmas edi. Kotibiyat boshlig‘i Dilshod To‘raxonov meni o‘lguday yomon ko‘rib qolgan, har safar oyog‘imdan chalishga harakat qilardi.
Oxiri bu ahvol jonimga tegdi. Nima, Soliq qo‘mitasida mendan boshqa masala qurib qolganmi? Men jadval tuzib, unga hamma bo‘limlarni, hatto kanselyariyani ham kiritdim. Ro‘yxatga qo‘shilmagan faqat qorovul qoldi. Bu hujjatni Parpiyevga olib kirib, oxirgi paytlari majlislar bir qolipda o‘tayotganini aytdim. «Hamma navbati bilan hisobot bersin, har bir bo‘lim o‘zining ishini matbuotda yoritsin», – dedim. U rozi bo‘lib, jadvalni imzoladi.
Endi meni minbarga chiqarishsa, topshiriqlarni kimlar bajarmayotganini shartta aytadigan bo‘ldim. Muhtaram hamkasblarim og‘zimni yopish uchun meni ham «To‘raxonovning ro‘yxati»ga kiritib qo‘yishibdi. O‘rtaga pul tashlashgan bo‘lishsa kerak.
Qisqasi, qilgan ishim uchun ta’zirimni yedim, meni kechirishmadi. Ustimdan nimalardir to‘qib, tuhmat qilishdi. Shunchalik bema’ni bahona o‘ylab topishdiki, hozir aniq nima gap bo‘lganini eslolmayman ham. To‘qqiz yil deganda Parpiyev majlisda birinchi marta hammaning oldida rosmana po‘stagimni qoqdi. Men esa o‘zimni oqlay olmadim. Hammasini miq etmay eshitib turdim. Endi bu yerda ishlolmasligim aniq edi.
Chiroyli ketmoqchi bo‘ldim. Oradan to‘qqiz yil o‘tgan bo‘lsa ham, bu inson salomimga «vaaleykum» deb alik olganini, menga bir yugurdak emas, odam deb muomala qilganini esimdan chiqarmagandim.
– Mayli, kelsin, – debdi Botir Rahmatovich.
Ertasi kuni Parpiyevning oldiga kirib, o‘zimning biznesimni boshlash uchun ketmoqchiligimni aytdim.
– Xafa bo‘ldingmi?
– Yo‘g‘-e, nega unaqa deysiz? Nimaga xafa bo‘lishim kerak?
– Xafa bo‘libsan… – dedi general. – Ko‘rib turibman-ku. Mayli, arizangni yoz. Omadingni bersin.
Men ketdim, lekin intizomga o‘rgatgani, bergan saboqlari uchun Botir Rahmatovichdan haligacha minnatdorman. U menga doim zarbaga tayyor bo‘lib, uni qaytarishni, eng asosiysi, iloji yo‘q narsaning o‘zi yo‘qligini o‘rgatdi. Xohlasak, hamma narsaga erisha olarkanmiz. Bunday olganda, u meni rostdan ham o‘z jiyanidek tarbiyaladi.
Shunday odamning «jiyani» degan yuksak nomga dog‘ tushirmadim, deb o‘ylayman.
Men o‘z biznesimni boshlab, birinchi millionimni ishlab topdim. Bolaligimdan pul topishga harakat qilardim. Afsus, rejalarim doim ham o‘xshayvermasdi.
1 MTRK – Milliy teleradiokompaniya.
2 «DAVR» – MTRK «Yoshlar» telekanalining axborot dasturlari tahririyati.
3 FVV – O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
4 Abdusaid Ko‘chimov – o‘zbek jurnalisti, 1997-2005-yillarda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisi.
5 «Beruniy» – Toshkent metropoliteni O‘zbekiston yo‘nalishining oxirgi bekati.
6 Qoraqamish – Toshkentning Olmazor tumanidagi mavze.
7 ToshDU – Toshkent davlat universiteti. 2000-yil yanvardan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
8 Uzmetronom – O‘zbekistondagi mustaqil sayt. 2020-yilning may oyigacha blokda bo‘lgan.
9 «Jemchug» – Toshkent shahridagi mashhur «Jemchug» (marvarid) do‘koni joylashgan, ko‘pqavatli tajribaviy loyihalangan uy.
10 «Sharq» – nashriyot-matbaa konserni.
11 Shavkat Miromonovich Mirziyoyev – 2003-yil dekabrdan 2016-yil dekabrgacha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, 2016-yil 14-dekabrdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti.
12 Akademiya – Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq akademiyasi.
III
Shakar, vanna, press, baklajka
To‘qsoninchi yillar oilamiz boy bo‘lmagan, lekin och ham qolmaganmiz. Onam doya, otam avtoslesar edi. Bolalar tug‘ilavergan, mashinalar buzilavergan, ota-onam ishsiz qolmagan. Ularning eng katta orzusi farzandlariga yaxshi ta’lim berish bo‘lgan. Shuning uchun oyim o‘qishimni oltinchi sinfdan ToshDU qoshidagi gimnaziyaga (keyinchalik akademik litseyga aylantirildi) o‘tkazgan. Hech kimga pul-mul bermagan. Oyim pora berish kerakligini bilmasdi ham.
Pul – ajoyib narsa! U menga doim zavq bergan. O‘zi oldindan boshqalarga o‘xshab faqat oylikka ko‘nib yashash niyatim yo‘q edi. Katta bo‘lganimda ko‘p pul topishimga, xohlagan narsamni sotib olishimga aniq ishonganman. Lekin bu kunlarni uzoq kutishga sabrim chidamasdi. Hoziroq boyib ketib, mahallamiz yoshlari havas qiladigan yangi «qahramonlarimiz» – magazinchilar, choyxona va makaron fabrikalarining xo‘jayinlari, popkorn sotuvchilarga o‘xshab yurgim kelardi. Hammasining tagida yangi mashina, oyog‘ida krossovka, egnida zamonaviy sport kiyimi, jinsi shim – xullas, butun dunyoda ulardan zo‘ri yo‘q.